Қоронғи режим
Image
Logo

TINCHLIK XOTIRJAMLIK YURTDA - YASHASH OLIY NE'MATDIR.

TINCHLIK XOTIRJAMLIK YURTDA - YASHASH OLIY NE'MATDIR.

Jahonda ro‘y berib turgan notinchliklar, kishini dilini xufton qiladigan holatlar, bo‘lib turgan turli voqea va hodisalardan g‘aflatda qolishga hech kimning haqqi yo‘q.

Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo‘qotgan mamlakat va u yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta'bir joiz bo‘lsa nurafshon nurni yo‘qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o‘xshaydi. Bu holatni ko‘rgan, eshitgan insonda bir alamlik dard paydo bo‘ldi. Bu holatlardan ko‘rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in'om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab avaylashlari lozim bo‘ladi.

Shuning uchun ham biz Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arazli va manfur kimsalarning makr va puch g‘oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining (tinchlik, xotirjamlik, bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, mehr-oqibat v.h.k.) ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilib, ushbular asosida faoliyat olib bormoq lozim bo‘ladi. Shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini yodda tutmoq darkordir. Bu xususida Alloh ta'olo Qur'oni Karimning “Moida” surasida shunday degan:

“... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” – deyilgan. (Moida – 2). Ushbu oyatga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ezgu niyat yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida tinchlik va hotirjamlikni barqaror bo‘lishiga bosh omillaridan biri ekanligi targ‘ib qilingan.

Tinchlik va xotirjamlik – barcha davrlarda mamlakatlar, jamiyatlar, oilalarda yashagan insonlarning talab qilgan asosiy maqsadi bo‘lib kelgan. Bu ikki ne'mat uchun qilingan qancha harakatlar, xarajatlar ham so‘zimizga misoldir.

Tinchlik va xotirjamlik ne'matlari bashariyat uni saqlashlik uchun xoh qimmatli bo‘lsin, xoh arzon bo‘lsin barcha narsasini, aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo‘lgan ulug‘ ne'matlardan ekani, buni bardavom bo‘lishi uchun uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari va ustunlari ham bardavom bajarilishi lozim bo‘ladi.

Tinchlikni saqlash, uni qadrlash uchun insonlarni, yosh avlodni, erkak-ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida, Allohga ma'siyat qilishdan qaytarish, bergan ne'matlarini qadrlash asosida tarbiyalash lozim bo‘ladi. Shuningdek, har bir inson o‘zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat'iy amal qilishi dinimizning talab va tavsiyalaridandir.

Inson uchun ona zaminni jonajon yurtning tinchligi zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alyhi va sallam yana bir hadislarida shunday deganlar:

“Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).

 Mamlakatlarni, jamiyatni, oilalarni, insonni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan biri bu – beparvolik, g‘aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu insonlarga ko‘rinmaydigan illatlardan, kasalliklardandir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jannatmakaon Vatanimiz fuqarolari, barcha-barchamiz mazkur yomon hislatlardan chiqishimiz lozim va lobuddir.

Dinimiz beparvolik, g‘aflat, loqaydliklardan qat'iy qaytarib, u kabi illatlarga tushmaslikka targ‘ib etgan.

Dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e'tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekanligi yaqqol nomoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo‘lishi, uning shukrini ado etilishiga bog‘liqdir.

Tinchlik va xotirjamlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardandir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne'matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, yoshlar o‘zlarining halol mehnatlari, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog‘lashlari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo‘lamiz. Shu bilan birga davrimiz va muqaddas dinimizning talab va tavsiyalarida amalga oshirgan bo‘lamiz.

Alloh taolo Yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini faravon qilsin.

Nuriddin Xamraqulov,
Uchqo’rg’on tumani “Sattiboy halfa”
jome masjidi imom noibi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг