Қоронғи режим
Image
Logo
ZARARLI ILLATLAR

ZARARLI ILLATLAR

Odam Alloh bergan umrni yashar ekan turli holat va turli insonlarga duch keladi. Insonlarning barmoq izlari bir xil bo‘lmagani kabi tabiati, fe’l atvori ham turli bo‘ladi. Shuning uchun jamiyatda insonlar orasida, hatto oilada ham ba’zan kelishmovchiliklar, fikrlarning qarama-qarshiligi bo‘lib turishi turgan gap. Demak hamma qatori bizning ham fikrimiz boshqalarning fikriga to‘g‘ri kelmay qolar ekan, ana shu ziddiyat darajasi ko‘tarilib ketsa nima qilmoq kerak?

            Albatta, janjal va to‘polondan foyda yo‘q. Boringki, dunyo matohidan foyda ko‘rsangiz ham obro‘ e’tiboringizga zarar qilishingiz mumkin. Ayniqsa jahl ustida nojo‘ya so‘z aytib qo‘yilsa, keyin bir umr hijolat bo‘lib yurish hech gap emas. Shuning uchun bunday paytlarda murosa qilishga to‘g‘ri keladi.

            Biroq ko‘pchilik o‘sha paytda janjal va to‘polon qiladi-da, keyin yana afsuslanib, hijolat bo‘lish o‘rniga, kamiga arazlashib ham yurishadi. Arazlashish nechog‘lik yomon xislat ekanligini ko‘pchilik bilsa-da, nafsining ko‘yiga kirib amal qilishga ko‘nmaydi. Arazlashish kishining obro‘sini tushiradi. Albatta gunohkor ham bo‘ladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan ushbu hadisni rivoyat qilgan: “Bir-birlaringiz bilan achchiqlashmang, hasad qilmang, teskari qarab ketmang. Ey Alloh taoloning bandalari! Bir-birlaringiz bilan aka-uka bo‘linglar. Hech bir musulmon kishi o‘z birodaridan uch kechadan ortiq arazlab yurishi joiz emasdir”.

Abu Ayub roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda esa shunday deyiladi:

“Hech bir kishi o‘z birodaridan uch kundan ortiq arazlab yurmog‘i halol emas. Ikkalasi to‘qnashib qolsa biri u yoqqa, ikkinchisi bu yoqqa yuz o‘girib ketmasin. Ularning yaxshirog‘i avval salom berganidir”.

Bu – ulug‘ irshod. Shu kungi muammolarning uchun eng chiroyli yechim. Zero, arazlashganlar shunday ulug‘ ajrga ega bo‘lib avval salom berish o‘rniga, mutakabbirlik qilib or qilib yurishibdi. Hadislardan ko‘rinib turibdiki, uch kundan ortiq arazlash zinhor mumkin emas. Lekin odamlar vaqti kelsa yillab arazlashib yurishadi. Hatto g‘alvadan so‘ng to umrining oxirigacha gaplashmay o‘tib ketganlar ham yo‘q emas. Arazlashgan kimsalar toki yarashib olmagunlaricha ularning gunohlari ham kechirilmas ekan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi – Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Har dushanba, payshanba kunlari jannatning darvozalari ochiladi va Alloh taologa shirk keltirgan kishilardan bo‘lak hammaning gunohi mag‘firat qilinadi, lekin oralarida qattiq adovati bo‘lgan ikki kishi yarashib olmaguncha gunohlarini o‘chirishni to‘xtatib turinglar, deyiladi”, dedilar”.

Hatto arazlashgan hollarida yarashmasdan vafot etib ketsa, oxiratdag holati o‘ta yomonligidan ogohlantirib Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon kishi birodari bilan uch kundan ko‘p arazlashishi halol emas. Kim uch kundan ko‘p arazlashib vafot etsa, do‘zaxga kiradi”, deganlar. Arazlashish ana shunday yomon illatlardan sanaladi.

 

            Manbalar asosida tayyorladi.
Shukrulloh Tohtabayev,
Namangan tumani ’’Al masjidun nabaviy’’ jome
 masjidi imom xatibi  

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг