
Soxta salafiylar kimlar
Salafiylikni davo qilgan “soxta Salafiylar”
Hozirgi kunda insonlarni tug‘ilib-o‘sgan Vataniga xiyonat qilishga chaqirayotgan, musulmonlar o‘rtasida ixtilof va bo‘linish keltirib chiqarayotgan buzg‘unchi oqimlar juda ko‘p. Ana shunday oqimlardan biri soxta salafiylardir.
Aslida, “salafi solih” deganda, Payg‘ambarimiz zamonlarida hamda keyingi ikki asrda yashagan ulug‘ dindoshlarimiz tushuniladi. Shunga ko‘ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobein, ya’ni ilk musulmonlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishlatish to‘g‘ri emas.
Soxta salafiylar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalar hamda aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish kabi Islom shariati joiz deb bilgan amallarni bajaradigan musulmonlarni kufr va shirkda ayblashadi.
O‘zlarini asl Islom tarafdorlari deb biladigan soxta salafiylar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini buzish bilan kifoyalanmay, hatto Payg‘ambarimizning muborak ziyoratgohlarini vayron qilishga ham urinib ko‘rishgan. Soxta salafiylar keyinchalik ushbu masalada yanada chuqurlashib, “Qabistonga borish kufr. Bu kufr esa butparastlarning kufridan ham xatarliroq”, degan asossiz qarashlarni ilgari surishdi.
Soxta salafiylarning Payg‘ambarimizga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalari musulmon holda vafot etmagan deyishlarida ham yaqqol ko‘rinadi. Ularning bunday g‘ayriislomiy yondashuvi go‘yoki “nubuvvat”, ya’ni payg‘ambarlik Nabiy alayhissalomning faqat so‘zi va amalida namoyon bo‘lgan, degan xulosaga olib keladi. U zotning tanalari, ya’ni jismlaridan foyda yo‘q. Chunki bu tana u zotning mushrik ota-onasining bir bo‘lagidir. Payg‘ambar o‘ldi, uning jasadidan foyda yo‘q. Shu bois soxta
salafiylar u zotning qabrlari ziyoratidan ma’ni yo‘q, degan soxta, asossiz, bema’ni, mantiqsiz, tuturuqsiz gaplarni tarqatishadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berish va u zotning qabrlarini ziyorat qilish baxt va saodatdir. Shu bois bu muborak ravzadan yil bo‘yi Yer yuzining turli burchaklaridan kelgan mo‘min-musulmonlarning qadami uzilmaydi. Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin qabrlarini ziyorat qiluvchi ummatlarga bunday deya marhamat qilganlar: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men o‘sha odamning salomiga alik olaman” (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyati). Payg‘ambarimiz alayhissalom boshqa hadisda: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo‘ladi”, dedilar (Qozi Iyoz rivoyati).
Vaholanki, barcha diniy manbalarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ajdodlari hurmatga sazovor va yuksak fazilatlarga ega insonlar bo‘lgani qayd etilgan. Hadislarda ham u zotning nasl-nasabi Ismoil alayhissalomga bog‘lanishi xususida ma’lumotlar bor.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” kitobida ta’kidlanganidek, Rasulullohning otaonalari Islom fitrati, ya’ni islomiy tabiatda vafot etganlar.
Abdulaziz Kamolhojayev,
To‘raqo‘rg‘on tumani "Kuyukmozor" jome
masjidi imom xatibi
Сизга ҳам ёқиши мумкин
Оммабоп хабарлар
-
МУКОФОТ МУБОРАК!
- Хабар муаллифи ravza.uz
- August 30, 2021
-
ЖАННАТ ОНАЛАР ОЁҒИ ОСТИДА...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- March 7, 2023
-
Муфтий ҳазратлари Наманга...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- June 14, 2021
-
Муносабат: ижтимоий тармо...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- January 22, 2022