Қоронғи режим
Image
Logo

FARZAND TARBIYASIDAGI NOZIK NUQTALAR

FARZAND TARBIYASIDAGI NOZIK NUQTALAR

Farzandlarning kelajakda go‘zal axloqli va chiroyli tarbiyali bo‘lishida ota-ona farzandi haqiga qiladigan xayrli duolar o‘rni beqiyosdir. CHunki duo ibodat maqomida. Alloh taolo har bir ishda O‘zidan yordam so‘rashimizni yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi mustajobdir. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisi sharifda

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):

“Uch kishining duosi qabuldir: otaning farzandiga qilgan duosi, mazlumning duosi va musofirning duosi”, deganlar. Ota-ona bunday ne’mat va imkoniyatdan unumli foydalanishi va farzandlarining kelajakda solih va tarbiyali inson bo‘lib kamol topishini Allohdan so‘rashi lozim. Hatto payg‘ambarlar ham yaxshi farzand so‘rab duo qilishgan. Jumladan, Ibrohim surasining 35-oyatida bunday deyiladi: «(Ey Muhammad!) Eslang, Ibrohim aytgan edi: “EyRabbim! Bu shaharni (ya’ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig‘inishdan yiroq qilgin!”»

Yana Oli Imron surasining 38-oyatida bunday deyiladi: «O‘sha joyda Zakariyo Rabbiga iltijo qilib, dedi: “Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan”».

Ota-ona farzandi haqiga yomon duo qilib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishi kerak. CHunki, yuqorida aytganimizdek, ularning farzandlari haqiga qilgan duolari qabuldir. Abdulloh ibn Muborakdan rivoyat qilinishicha, uning oldiga bir ota o‘z o‘g‘lidan  shikoyat qilib keladi. SHunda Abdulloh ibn Muborak u otadan, siz o‘g‘lingiz haqiga yaxshi duo qilarmidingiz yoki yomon duo qilarmidingiz, deb so‘raydi. Ota esa yomon duo qilishini aytadi. SHunda Abdulloh ibn Muborak u odamga o‘g‘lingizni o‘zingiz buzgan ekansiz, deb koyiydi. Demak, bolaning kelajakda komil inson bo‘lib etishishi yoki johil bo‘lishiga ota-onaning duolari katta ta’sir qilar ekan.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: «Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi».
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” CHunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. SHuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.

Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.

Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.

Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.

Muhtaram Prezidentimiz: “Biz farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilmoqdamiz”, deganlar.

Tarbiya bir necha xilga bo‘linadi: badan tarbiyasi, ruhiy tarbiya, aql va fikr tarbiyasi, axloqiy tarbiya, iroda tarbiyasi, so‘zlashuv tarbiyasi, mehnat tarbiyasi va boshqalar……

 

Chortoq tumani "Alixon" jome
masjidi imom-noibi
Rashidov Abrorhoʻja

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг