OYLAR SULTONI - RAMAZON

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo'lsinki, o'n bir oyga cho'zilgan sog'inch va ishtiyoqdan so'ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur'on oyi bo'lmish muborak mohi Ramazon o'zining tarovati, saxovati va barakoti bilan olamga tashrif buyurib, boshimiz uzra rahmat soyaboni bo'lib turibdi.
Jannatmakon o'lkamizning mo'min-musulmonlari oylarning eng ulug'i va eng fazilatlisi bo'lmish bu oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib olmoqdalar. Hamma bir-biridan shirin, bir-biridan ezgu orzu umidlar og'ushida. Kimdir Ramazon ro'zasini bu yil to'liq tutib, o'ttiz kun mobaynida tarovehlarda Qur'on xatmiga some' bo'lib, ko'plab savob orttirish niyatida bo'lsa, kimdir bu sanoqli kunlar mobaynida Qur'oni karimni to'liq o'qib tushirish ilinjida. Kimdir, bu bebaho va betakror toat mavsumida o'zini hartomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi
ma'naviy illatlardan qalbini musaffo etib, o'zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni qasd qilgan bo'lsa, yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko'ra ko'proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g'animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi oliyjanob ishlardan imkon qadar ko'proq zaxira to'plash maqsadida ramazonning kelishiga intiq.
Ha, azizlar, Ramazon mana shunday o'xshashi yo'q, fazilatda tengi yo'q muborak oy. U ezgulik sayli, toat mavsumi, yaxshiliklar musobaqasidir. O'tgan ulug'larimiz Ramazonga shunday intiq bo'lishar ediki, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!”, deya Yaratganga iltijolar qilardilar.
Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida “Ey Alloh, bizdan Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya tinmay duoda bo'lardilar.
O`tgan ulamolarimizning Ramazonga munosabatlari ana shunday edi. U zotlar butunboshli yilga Ramazon orqali nazar solganlar. Ramazonni yilning asosi va mehvari deb bilganlar. Shu bois ham yarim yil davomida Parvardigordan Ramazondagi ibodatlarini qabul qilishni so'rasalar, qolgan oylarni “Ramazonga yetkaz!” degan iltijo tillaridan tushmagan.
Namangan shahar"MULLA BOZOR OXUND" jome
masjidi imom xatibi Mirzabayev Hojiakbar.
Manbalar asosida tayyorladi.
Сизга ҳам ёқиши мумкин
Оммабоп хабарлар
-
МУКОФОТ МУБОРАК!
- Хабар муаллифи ravza.uz
- August 30, 2021
-
ЖАННАТ ОНАЛАР ОЁҒИ ОСТИДА...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- March 7, 2023
-
Муфтий ҳазратлари Наманга...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- June 14, 2021
-
Муносабат: ижтимоий тармо...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- January 22, 2022