TIL OFATLARI

Alloh taolo o’zi yaratgan insonga nutqni-gapirishni o’rgatdi. Nutq, so’zlashish va bayon qilish qobiliyati Alloh taoloning insonga bergan ulkan ne’matlaridan biridir. Aynan ushbu ne’mat bilan inson o’zga jonzotlardan ajralib turadi, ularning ustidan o’z hukmini o’tqizadi. Inson Alloh erda yaratgan jonzotlar ichida nutq ato etilgan, mukammal ovoz chiqaradigan yagona jonzotdir.
Alloh taolo Takosur, surasinign 7-oyatida) shunday dedi : “...So‘ngra o‘sha kunda, albatta (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursizlar” Alloh taolo bergan barcha ne’matlar to‘g‘risida hisob etilsak, unda hamisha ularning shukrini qilishimiz, bu ne’matlardan faqat Alloh yo‘lida, Uning roziligi uchungina foydalanishimiz kerak bo‘ladi. Ayniqsa, bandalarga ato etilgan ne’matlar ichida eng ulug‘i va mas’uliyati kattasi — tildir.
Til to‘g‘ri so‘z aytish va Allohni yodlash vositasi bo‘lgani uchun ham ko‘z, qalb kabi ibodatning asosiy ustunlaridan sanaladi. Shuning uchun mo‘min-musulmon tili uchun ham mas’ul ekanini yoddan chiqarmay, uni faqat Allohga ibodat qilish, yaxshi so‘zlar, amri ma’ruf, nahyi munkar uchun xizmat qildirishi lozim. Tilimizni har xil yomon so‘zlardan, so‘kish-haqoratlardan, g‘iybat-ig‘volardan saqlamasak, u bilan boshqalarga aziyat bersak, dinimizga futur yetkazgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallamdan, “Musulmon kim?” deb so‘ralganida u zoti bobarakot: “Musulmon shuki, uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar salomat bo‘lgan (ya’ni, ularga ozor yetmagan) kishidir”, dedilar.
Har bir mo‘min-musulmon oxiratda tili tufayli azoblanishidan, behuda, yolg‘on so‘zlar tufayli amallari habata bo‘lishidan qo‘rqishi kerak. Chunki tilimizdan chiqqan har bir so‘z, har bir gapni farishtalar yozib turishadi. Qof, surasinign 7-oyatida) shunday deyilgan “Zotan, o‘ng va chap (tomon)da o‘tirgan ikki qabul qiluvchi (yozib turguvchi farishta insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon so‘z-amallarini) qabul qilib yozib tururlar. U biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”
Til insonning yaxshi amallarini yo‘qqa chiqaradi Rasuli Akram alayhissalom aytadilar: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, gapirsa yaxshi gapni gapirsin, bo‘lmasa jim tursin», - dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom bizlarni faqat yaxshi so‘z aytishga, ibratli, insonparvar va dilkash so‘zlarni aytishga buyurmoqdalar.
Insoning tili gohida qilgan yaxshi amallarini, savoblarini bekor bo‘lishiga ham sababchi bo‘lib qoladi. Tili bilan minnat qiladi – qilgan savobi ketadi. Tili bilan g‘iybat qiladi – savobi ketadi. Hattoki o‘zining savobini g‘iybat qilgan odamga beradi. Bir odamning sha'niga bo‘hton qiladi – butun nomayi a'molidagi ajrlar yuvilib ketadi. Rasuli Akram alayhissalomning huzurlarida bir ayolni juda maqtashdi. «Kechasi bilan ibodat qiladi. Lekin bitta aybi bor. Tili bilan qo‘shnilariga ozor beradi», – deyishganida, Rasuli Akram alayhissalom: «U do‘zaxiy ayol», - dedilar.
Demak, insonni jannatga yetaklovchi ham, do‘zaxga olib boruvchi ham tildir. Tillarimizni fisq va fahsh so‘zlardan tiysak, Alloh zikrini va shukrini ko‘paytirsak, inshaalloh, jannat ne’matiga musharraf bo‘lurmiz. Aksincha, behuda, shaloq so‘zlar tilimizga uya qursa, yomon, tahqir kalomlardan tiyilmasak, qalbimiz qorayib ketishi muqarrar. Haq taolo barchalarimizni tilimiz tufayli boshga keladigan musibatlardan asrasin, Kur’on tilovatida, zikru ibodatda bardavom qilsin, O‘zining visolidan benasib etmasin.
Karimov Islomxon
Kosonsoy tumani “Islomxon” jome
masjidi imom hatibi
Сизга ҳам ёқиши мумкин
Оммабоп хабарлар
-
МУКОФОТ МУБОРАК!
- Хабар муаллифи ravza.uz
- August 30, 2021
-
ЖАННАТ ОНАЛАР ОЁҒИ ОСТИДА...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- March 7, 2023
-
Муфтий ҳазратлари Наманга...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- June 14, 2021
-
Муносабат: ижтимоий тармо...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- January 22, 2022