TINCHLIK VA XOTIRJAMLIK – ULUG‘ NE’MAT!

Yurtimizda istiqlol bayrami tantanalari davom etmoqda. Alhamdulilloh, bayramni oilalarimiz davrasida, yor-do‘stlar bilan tinchlik va xotirjamlikda nishonlayapmiz. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. SHuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanini ta’kidlab shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Qur’onning 50 dan ziyod surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar sulh-murosa, tinchlik va bag‘rikenglikka chaqirilgan.
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning katta ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. SHunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Xalqimizda “Qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bor. Xalqimizning orzusi, maqsadi bitta – jahondagi barcha mamlakatlarda, ellarda tinchlik va barqarorlik hukm sursin, odamlar baxtli va farovon hayot kechirsin. SHuning uchun ham xalqimiz YUrtboshimiz boshchiligida doimo qo‘shni yurtlarda tinchlik bo‘lishini istab keladi. Bu ayni dinimizning ham g‘oyasidir. Alloh taolo insonni er yuzini obod qilish uchun yaratdi va O‘ziga erdagi o‘rinbosar qildi. Erni kufru isyon bilan, buzg‘unchilik bilan vayron qilish, mavjudotlarning nasl-urug‘ini quritishdan qattiq qaytardi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Erni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi 56-oyat).
Mana yurtimiz istiqloliga 32 yil bo‘ldi. Albatta yurtimizning istiqloli va taraqqiyotining negizida tinchlik-totuvlik hamda o‘zaro hamjihatlik yotadi. Ushbu yutuqlarga erishish o‘ziga yarasha mashaqqat, qiyinchilik, sabr va matonat talab etadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta hamda bag‘ri kenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir. Ne’matning salmog‘iga qarab shukr ham har xil bo‘ladi. Ba’zi ne’matlarning shukri tilda “alhamdu lillah” deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne’matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin.
Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne’matdir. Bu ne’matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, o‘rta yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga etish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne’matning shukrini ado etgan bo‘ladilar.
Haq taolo farzandlarimiz ulug‘ ajdodlarga loyiq farzandlar bo‘lishini nasib aylasin.
Abrorho’ja Rashidov,
Chortoq tumani “Abu Bakr Siddiq” jome
masjidi imom xatibi
Сизга ҳам ёқиши мумкин
Оммабоп хабарлар
-
МУКОФОТ МУБОРАК!
- Хабар муаллифи ravza.uz
- August 30, 2021
-
ЖАННАТ ОНАЛАР ОЁҒИ ОСТИДА...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- March 7, 2023
-
Муфтий ҳазратлари Наманга...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- June 14, 2021
-
Муносабат: ижтимоий тармо...
- Хабар муаллифи ravza.uz
- January 22, 2022