Қоронғи режим
Image
Logo

UMR VA VAQTNING QADRI

UMR VA VAQTNING QADRI

Dono xalqimiz umrni oqib o‘tayotgan daryoga o‘xshatadi. Darhaqiqat, yuz yoshga kirgan kishi ham, dunyoga kelib hech qancha yashamaganligini tan oladi. Bu foniy dunyoning bitmas tuganmas ishlarini oxiriga yetkaza olmaganligidan shikoyat qiladiganlar ham topiladi.

Bu ham o‘z yo‘liga, ammo, umr deb atalgan Allohning ulug‘ ne'matini dunyosiga ham, oxiratiga ham foyda keltirmaydigan, bekorchilik, uyqu, yoki bema'ni ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazayotgan insonga nima deyish mumkin? Qiyomatda eng ko‘p savol-javob qilinadigan, har bir nafasi, har bir qadami uchun javob beradigan inson, bu dunyoda bema'no gapni ko‘p gapirgan, bema'no ishga mashg‘ul bo‘lgan kishi ekanligi hadis shariflarda bayon qilingan. Umrning har soniyasini qadriga yetish lozimligi haqida, Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qiladilar: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bir odamga nasihat qilib, unga: “Sen besh narsani besh narsadan avval g‘animat bilgin: yoshligingni qariligingdan avval, salomatligingni kasal bo‘lishingdan avval, boyligingni faqir bo‘lishingdan avval, bo‘sh vaqtingni bir ishga mashg‘ul bo‘lmasingdan avval va hayotligingni o‘limingdan avval g‘animat bilgin”. – dedilar (Imom Hokim rivoyati). Bu imtihon dunyoda umrini behuda ishlarga, gunoh ishlarga sarflab vafot etgan odamlarning Qiyomatdagi holatlari haqida Alloh taolo ogohlantirib Qur'on Karimda xabar beradiki: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi, eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir 37). Aqlli inson pushaymonga o‘rin qoldirmaslik uchun o‘z vaqtida uning chorasini ko‘rib boradi. Mataxassislarning aytishicha oltmish yoshga kirgan odamning yigirma yili uyqu bilan o‘tar ekan. Bu dahshatli raqam. Lekin, tahorat bilan yotgan odamning uyqusi ham ibodatga hisoblanishini Payhambarimiz alayhis salom hadislarida bayon qilganlar. Demak, mo‘min kishi uyqudan ham unumli foydalanishi mumkin ekan. 

Abdullo ibn Umar roziyallohu anvu aytadilar: Rosululloh sallallohu alayhi vasallam mening yelkamdan tutib shunday dedilar: “Dunyoda go‘yo g‘aribdek yoki yo‘lovchidek bo‘l”. Shundan so‘ng Ibn Umar raziyallohu anvu ham: “Kech kirsa tongni kutib o‘tirma, tong otsa kech kirishini kutib o‘tirma, sog‘lik vaqtingda bemorligingda qilaolmaydigan ishlaringni qilib qol, tirikligingda vafotingdan keyin asqotadigan amallarni qilib qol”, deb yurar edi (Imom Buxoriy rivoyati).

Nafaqat har bir insonning umri, balki, zamonlar o‘tishi bilan butun bu olamning ham tugab bitishi haqida Alloh taolo Qur'on Karimda xabar beradi: “(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom sohibi bo‘lmish Robbingizning “yuzi” boqiy qolur” (Ar-raxmon 26-27).

Alloh taoloning shunday va'dasi borki: “…agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. agar noshukurchilik qilsangiz bas, mening azobim qattiqdir”– deb ta'kidlaganidek, shukur kiluvchi bandalariga o‘z ne'matlarini yanada ziyoda etishi muqarrardir. Shukur kilish, “Xudoga shukur” deyishdan tashkari, xar bir ne'matni o‘z vaktida va o‘z joyida , isrof kilmasdan tasarruf etishdir. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, bizlar har qancha savob ishlarni qilmaylik, yoki har qancha gunoh ishlarni qilmaylik bu ishlarimiz hech qachon Allohga hech qanday foyda yoki zarar keltirmaydi.

Xulosamiz shuki, hozirgina olgan nafasimizni chiqardikmi, uni boshqa qaytib ololmaymiz. Oqil inson – bu dunyodagi hayotidan oxirati uchun foydalanib qolgan kishidir.

 

Mingbuloq tumani "Shohi Fozil" jome masjidi imom xatibi Sidiqhodjayev Mahmudhon.

Manbalar asosida tayyorladi.

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг